Главная » Qiziqarli Ma'lumotlar » Nega asteroid bilan to‘qnashuv sayyoramiz uchun xatarli?

ВХОД
Меню сайта
Библиотека (Узб)
Поиск
Мини Профиль
Что бы полноценно пользоваться сайтом, Пожалуйста Пройдите быструю регистрацию!
E-mail:
Пароль:


Новости мира
Фото-видео услуги
Опрос
Оцените мой сайт
Всего ответов: 55
Блоги
Добавляйся
Календарь
«  Октябрь 2019  »
ПнВтСрЧтПтСбВс
 123456
78910111213
14151617181920
21222324252627
28293031
Статистика
Мобильная версия сайта

Nega asteroid bilan to‘qnashuv sayyoramiz uchun xatarli?



Taxminan 66 million yil muqaddam Yerda kosmik miqyosli ofat yuz berdi. O‘sha kuni o‘lchami 10–15 kilometr bo‘lgan asteroid juda katta tezlik bilan kelib, hozirgi Meksika ko‘rfazi tubida joylashgan hududga borib urilgan. Bu joy Yukatan yarimorolidan shimolroqdan joylashgan bo‘lib, bu yerda dengiz tubida haqiqatan ham ulkan chandiq – krater mavjud.

Ushbu kosmik obyektning kelib urilishi butun sayyora bo‘ylab mislsiz talafot va tabiiy ofatlar zanjirini keltirib chiqargan. Xususan, favqulodda ulkan sunami va yong‘inlar hosil bo‘lgan. Uning ketidan esa iqlimning keskin sovishi ro‘y bergan. Natijada ko‘plab turdagi o‘simlik va hayvonlar Yer yuzidan butunlay qirilib ketdi. Chunonchi, o‘shanda dinozavrlarning kuni bitgan edi. Sayyoramizdagi tirik mavjudotlarning yashash sharoiti dramatik tarzda butunlay o‘zgarib ketgan.

Foto: Google Photos

O‘ylab qaralsa, o‘lchami 10–15 kilometr bo‘lgan qoyatoshdan iborat asteroid kosmik masshtablarda qaraganda juda kichik narsa bo‘lib ko‘rinadi. Taqqoslash uchun, Yerning diametri 12 740 kilometrni tashkil etadi. O‘ylab ko‘ring, 15 kilometr qayda-yu, 12 740 kilometr qayoqda! Ma’lum bo‘lmoqdaki, dinozavrlar erasiga nuqta qo‘ygan o‘sha asteroid Yerimizdan ming barobar kichik ekan. Uni, kosmik o‘lchamda qaraganda, Yerga nisbatan “qum zarrasi” desa ham xato bo‘lmasdi aslida. Xo‘sh, unda shu darajada katta ko‘lamli, global talafotlarni u qanday qilib keltirib chiqara oldi?

Gap shundaki, kundalik hayotda biz juda imillagan harakat tezligiga ko‘nikib qolganmiz. Vaholanki, o‘sha global fojiada hamma narsani, kelib urilgan o‘sha asteroidning tezligi hal qilgan. Yana taqqoslaymiz: o‘rtacha tezlikda shoshmasdan yayov ketayotgan odam soatiga 4 kilometr yo‘l bosishi mumkin. Shahar sharoitida mashinalar o‘rtacha 60 kilometr/soat tezlik bilan yuradi. Fuqaro aviatsiyasi samolyotlari esa kamdan-kam hollardagina ming kilometr/soat tezlikka erishadi.

Koinotda esa hammasi boshqacha. Eng past tezlik bilan Yer atmosferasiga kirib keladigan meteor ham bir soniyada 11 200 metr masofani bosib o‘tadi. Bu degani, uning tezligi soatiga 40 320 kilometrni tashkil etadi deganidir! Endi yana taqqoslasak, eng tezkor poyga avtomobillari ham, eng tezkor qiruvchi samolyotlar ham, xullas, yerda uchadigan va yuradigan hech narsa buncha tezlikka chiqolmaydi. Yerga koinotdan kirib keladigan meteoritlarning tezligi tovush tezligidan 35 barobar yuqori bo‘ladi. Yer o‘zi ham Quyosh atrofida juda katta tezlikda harakatlanadi. Sayyoramizning orbita bo‘ylab harakati 30 kilometr/soniyani tashkil etadi! Faeton nomli asteroid, masalan, perigeliyda (Quyoshga eng yaqin kelgan vaqtda) 200 kilometr/soniya tezlikka ega bo‘ladi. Tasavvur qilyapsizmi, atigi bir soniyada bu g‘adir-budir qoyatosh naq 200 kilometr masofani bosib o‘tadi!

Bu juda katta tezlik ko‘rsatkichlari o‘zi bilan juda ulkan miqdordagi kinetik energiya zaxirasini tashib yuradi. Ular boshqa yirikroq obyekt, masalan, Yer singari sayyora bilan to‘qnashganda jism tashigan butun kinetik energiya bir lahzada zarba va issiqlik energiyasiga aylanib ketadi. Bu energiyaning saqlanish qonunidan kelib chiqadigan oddiy xulosa bo‘lib, lekin buning oqibatlari sayyora ko‘lamida ham mislsiz ofatlarga sabab bo‘ladi. Boz ustiga, fizika qonunlari shundayki, Yerga kelib urilayotgan obyekt tezligi ikki marta ortsa, uning kelib urilishidan hosil bo‘ladigan energiyasi to‘rt barobar ortadi; tezlik uch barobar ortishi esa zarba energiyasini to‘qqiz marta kuchaytiradi va hokazo. Ya’ni zarba kuchi tezlikning kvadratiga bog‘liq bo‘ladi. Meteor Yer atmosferasiga kirib kelishida miltiqdan otilgan o‘qqa nisbatan 30 barobar katta tezlikka ega bo‘ladi. Bu degani, uning borib urilgan joyidagi zarba kuchi o‘q tekkanidan ko‘ra 900 marta kuchliroq bo‘ladi demakdir!

Baxtimizga, bunday to‘qnashuvlar oldini oladigan va bizni kosmik zarbalardan muhofaza qilib turadigan qobiq – Yer atmosferasi mavjud. U ancha-muncha narsani o‘z ishqalanish kuchi orqali qizdirib, Yerga yetib kelgunicha yonib yo‘q bo‘lib ketishiga sabab bo‘ladi. Ayniqsa zichligi past bo‘lgan kichik jismlar Yer atmosferasidan omon o‘tmaydi va ularning aksariyati sayyoramiz sirtiga yetib kelgunicha yonib, bug‘lanib yo‘q bo‘lib ketib bo‘ladi. Faqat yirik va qattiq meteoritlargina to‘liq yonishga ulgurmay, Yer sirtigacha yetib keladi. Ularning ham aksariyati dengiz va okeanlar sathiga yoki kimsasiz hududlarga qulaydi. Kamdan-kam hollarda Yerga yetib kelgan meteorit aholi yashash joylariga tushadi va jiddiy ziyon yetkazishi mumkin.

Masalan, 1908-yilning 30-iyun kuni Sibirning Tunguska degan hududida shunday bo‘lgan. O‘shanda o‘lchami 150–300 metr atrofida bo‘lgan obyekt Podkamennaya daryosi yaqinidagi o‘rmonga qulagan. U yorqin iz qoldirib havodan uchib kirib kelgan va katta zarba to‘lqini hosil qilgan tarzda Yerga urilgan. Natijada 30 kilometr radiusdagi o‘rmonda barcha daraxt yonib kul bo‘lgan. Tuproq ham yaxshigina silkingan va Sibirdagi aksariyat aholi punktlarida yengil zilzila qayd etilgan. Silkinishlarni hatto G‘arbiy Yevropa seysmik stansiyalari ham sezgan.

Baxtli tasodif sababli Tunguskaga tushgan o‘sha meteorit o‘shanda bevosita aholi yashash joyiga emas, balki o‘rmonga kelib urilgan edi. Shu sababli ham odamlarga ziyon yetmagan. Biroq uni butunlay zararsiz bo‘lgan deb ham bo‘lmaydi. Zero atrofdagi qishloqlarda hosilga va yog‘ochsozlik korxonalari iqtisodiyotiga baribir muayyan zarar yetgan.

Yana bir shu kabi meteorit qulashiga Uzoq Sharq aholisi 1947-yilning 12-fevral kuni guvohi bo‘lgan. O‘shanda Ussuriya o‘lkasidagi taygaga ulkan yumaloq hajmli meteorit kelib urilgan edi.

Qolaversa, ko‘pchilik atigi olti yil oldin, ya’ni 2013-yilning 15-fevralida Rossiyaning Chelyabinsk shahriga kelib urilgan meteoritni yaxshi eslasa kerak. O‘shanda voqeani ko‘plab havaskor va professional tasvirchilar suratga olishga erishgan edi. Hatto avtomobillarga o‘rnatilgan videoregistratorlar ham allaqancha videoyozuvlarni taqdim etgan.

66 million yil avval dinozavrlar erasiga yakun yasagan asteroid esa Tunguskaga, Ussuriya o‘lkasiga yoki Chelyabinskka kelib tushgan meteoritlardan bir necha barobar yirik va og‘ir bo‘lgan. Hisob-kitoblarga ko‘ra, uning massasi va tezligi shu qadar katta bo‘lganki, Yerga kelib urilishidan hosil bo‘lgan zarba kuchi trotil ekvivalentida olganda 100 ming gigatonnani tashkil etgan. Bu Xirosimaga tashlangan va shaharni kunpayakun qilgan atom bombasidan 7 milliard marta katta portlash quvvati demakdir! Kelib urilgan asteroidning butun kinetik energiyasi issiqlik energiyasiga aylanishi natijasida Yerdagi tuproq qatlami favqulodda qattiq qizigan va baland harorat tufayli ancha-muncha toshlar va minerallar ham erib, bug‘lanib ketgan. Oqibatda ular tarkibida bo‘lgan zaharli moddalar, xususan, oltingugurt bug‘lanib, atmosferaga tarqalib ketgan.

Ro‘y bergan mislsiz ofatning ikkilamchi oqibatlari esa sayyoramiz atmosferasining o‘ta qorong‘u bo‘lib qolishi natijasida Yer yuziga Quyosh nurlari yetarlicha tushmay qolishidan kelib chiqqan. Buning natijasida iqlim keskin sovigan. Yer butunlay o‘zgargan. Biosfera evolyutsiyasi esa tamomila boshqa yo‘nalishga yuz burgan. Ofatni ko‘plab jonivorlar turlari, xususan, dinozavrlar yengib o‘ta olmadi. Lekin sutemizuvchilar avlodlari amallab yorug‘ kunlarga yetib oldi. Sayyora o‘zini qayta tiklagach esa ularning davri kelgandi.

Muzaffar Qosimov

Просмотров: 25 | Категория: Qiziqarli Ma'lumotlar | Добавил: KILLER


"Ok.ru" и в других социальных сетях поделиться (Будь Первым)!

Всего комментариев: 0

avatar

Только зарегистрированные могут комментировать,Пожалуйста зарегистрируйтесь!